Joriy yilning 11 mart kuni O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti tashabbusi va Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamkorligida ustozlar Ikrom Zokirov va Mamlakat Vosiqovalar tavalludining 100 yilligi arafasida ular bosib o‘tgan hayot va faoliyat yo‘li, ilmiy-ijodiy, davlat va jamoat faoliyatida amalga oshirgan ishlari yuzasidan fikr almashish maqsadida “Umrdosh, fikrdosh huquqshunos olimlar – Ikrom Zokirov va Mamlakat Vosiqova o‘qishlari” mavzusida Respublika ilmiy konferensiyasi tashkil etildi.
Konferensiyada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, akademik A.Saidov, Davlat va huquq instituti direktori, yuridik fanlar doktori, professor M.Turg‘unov, O‘zbekiston sudyalari Assosiatsiyasi raisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist U.Q.Mingboyev, Davlat va huquq instituti bosh ilmiy xodimi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist, yuridik fanlar doktori, professor O.Oqyulov, Davlat va huquq instituti bo‘lim boshliqlari, yuridik fan doktorlari, professorlar J.Toshqulov, M.X.Baratovlar, Sudyalar oliy maktabi professori, yuridik fanlar doktori F.H.Otaxonov, Mahalla o‘quv markazi direktori, yuridik fanlar doktori, professor S.B.Boboqulovlar kun mavzusida qiziqarli chiqishlar qilishdi. Shuningdek, anjumanda Qonunchilik va huquqiy siyosat tadqiqot instituti direktori o‘rinbosari V.Ergashev, Toshkent davlat yuridik universiteti, Agrar universiteti, Samarqand, Namangan, Farg‘ona, Termiz, Urganch, Chirchiq davlat universitetlari, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi professor-o‘qituvchilari, TDYUU qoshidagi M.S.Vosiqova nomidagi akademik lisey o‘quvchilari hamda Davlat va huquq instituti jamoasi ishtirok etdi.
Konferensiya doirasida ustozlar Ikrom Zokirov va Mamlakat Vosiqovaning ilmiy merosi, ularning o‘zbek sivilistikasi, qonunchilik kodifikatsiyasi, huquqni qo‘llash amaliyoti rivojiga qo‘shgan hissalari yuzasidan shogirdlar ma’ruzalar qilishdi.
Shuningdek, ularning avlodlari – farzandlari ustozlarning ibratli hayot yo‘li haqidagi xotiralar bilan o‘rtoqlashishdi. Akademik lisey o‘quvchilari ustozlar hayoti va faoliyatiga doir “Adolat yo‘lidagi – so‘nmas chiroq”, deb nomlangan adabiy kompozisiyani taqdim etishdi.
Anjuman materiallari to‘plam holida chop etildi va uning taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.