2023 yil 13 aprel kuni Xalqaro islom akademiyasining majlislar-zalida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti, Barqaror rivojlanish markazi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi hamda Shayxontohur tuman hokimiyati tashabbusi bilan “Yangi tahrirdagi Konstitutsiya – xalqchil Konstitutsiya!” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Unda senatorlar, xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlari deputatlari, ilm-fan va ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etdi. Jumladan, FA Davlat va huquq institutidan direktor o‘rinbosari, yu.f.d., prof. A.Tulyaganov va Institut doktoranti, PhD Rashidova Shaxzoda ishtirok etdi.
Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov ochib berdi. U o‘z nutqida mamlakatimizda muhim siyosiy voqelik – «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni umumxalq referendumiga tayyorgarlik jarayoni davom etayotganini, joylarda yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz mazmun-mohiyati aks etgan turli tadbirlar o‘tkazilayotganini, jumladan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida o‘tkazilgan uchrashuv ham ana shu muhim siyosiy jarayonga bag‘ishlanganini ta’kidladi. Shuningdek, Asosiy qonunimizning yangi tahriri yurtimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi rivojiga xizmat qilishi, eng avvalo «Inson qadri uchun» g‘oyasi ustuvor yo‘nalish sifatida belgilanishini qayd etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan ekspertlar tomonidan yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati haqida talabalarga ma’lumot berildi.
Xususan, FA Davlat va huquq institutidan direktor o‘rinbosari, yu.f.d., prof. A.Tulyaganov o‘z chiqishida quyidagilarni aytib o‘tdi: Ma’lumki, davlatimiz rahbari 2022 yil 20 iyunda Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan bo‘lgan uchrashuvda “Konstitutsiyaviy islohotni fuqarolarimiz fikri va qo‘llab-quvvatlashi asosida referendum orqali amalga oshirsak, bu tom ma’noda xalqimiz xohish-irodasining ifodasi – haqiqiy xalq Konstitutsiyasi bo‘ladi”, deya ta’kidlagan edi. Bu «Konstitutsiyaning yagona manbai va muallifi – xalqdir» degan tamoyilga to‘la mos keladi. Natijada insonning qadr-qimmati, sha’ni va g‘ururi ustuvor maqsad qilib olingan, izchil va puxta o‘ylangan, «Inson – jamiyat – davlat» tamoyili asosida Bosh qomusimizning yangi tahrirdagi varianti ishlab chiqilgani e’tirof etildi.
Kiritilayotgan tuzatishlarga to‘xtalib, Konstitutsiyaning Muqaddimasida milliy davlatchilikni takomillashtirishning yangi bosqichida O‘zbekiston konstitutsiyaviy rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berganini ta’kidlab o‘tdi. Jumladan, Muqaddimada quyidagi normalar o‘z aksini topganligini aytib o‘tdi: inson huquq va erkinliklari, milliy va umuminsoniy qadriyatlar, davlat suvereniteti prinsiplariga sodiqlik; demokratiya, erkinlik va tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik g‘oyalariga sadoqatni namoyon qilish; inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati oliy qadriyat hisoblanadigan insonparvar demokratik davlatni, ochiq va adolatli jamiyatni barpo etishga qaratilganlik; O‘zbekiston jahon hamjamiyati, eng avvalo, qo‘shni davlatlar bilan hamkorlik, o‘zaro bir-birini qo‘llab-quvvatlash, tinchlik va totuvlik asosidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlash hamda rivojlantirishga intilishi; fuqarolarning munosib hayot kechirishini, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni, ko‘p millatli jonajon O‘zbekistonimizning farovonligi va gullab-yashnashini ta’minlash.
FA Davlat va huquq instituti doktoranti, PhD Rashidova Shaxzoda, rus tilida «Konstitutsionnыe osnovы instituta semi i prav jenщin» mavzusida ma’ruza qilib, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yangi tahrirdagi loyihasiga xotin-qizlar huquqlari hamda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar kafolatlanganini va shunga oid kiritilgan o‘zgartishlar haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, oila instituti haqidagi normalarda nikoh, O‘zbekiston xalqining an’anaviy oilaviy qadriyatlari kabi masalalarga to‘xtalib o‘tildi. Nutq oxirida Sh.Rashidova O‘zbekiston xalqaro Islom Akademiyasi talabalarining savollariga javob berdi.
Tadbir yakunida akademiya professor-o‘qituvchilar tarkibi hamda talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan ma’ruzachilarga murojaat qildi. Davra suhbatida 300 nafarga yaqin kishi ishtirok etdi.