2023 yil 8 aprel kuni Jizzax viloyati Axborot-kutubxona markazida davra suhbati o‘tkazilib, uning ishtirokchilari ham Asosiy Qonunga kiritilayotgan o‘zgarishlar bilan tanishtirildi.
So‘zga chiqqan O‘zFA Davlat va huquq instituti direktori, yuridik fanlar doktori, professor M.Turg‘unov, institut bo‘lim boshliqlari, yuridik fanlar doktorlari, professorlar M.Baratov va A.Xudoyberdievlar “O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi Qonunining mazmun-mohiyati, Konstitutsiyada inson xuquqlari va erkinliklarini himoya qilish bo‘yicha qoidalar hamda ularga amal qilish holatini yangi tartibda belgilanayotganligi hususida batafsil tushuncha berdilar.
Tadbirda Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori, professor M.Turg‘unov so‘zga chiqib, bo‘lajak referendumning ahamiyati, yangilanayotgan Konstitutsiyaning zarurati, ijtimoiy davlat tamoyili, inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlashda inson huquqlari sohasidagi ta’limning o‘rni haqida to‘xtaldi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan inson huquqlari sohasidagi ta’limga alohida e’tibor qaratilayotgani xususida atroflicha fikr yuritdi.
Professor, A.Xudoyberdiev o‘z chiqishida ijtimoiy davlat konsepsiyasi doirasida yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgarishlarni oddiy misollar bilan tushuntirishga harakat qildi. Masalan, homilador ayollarni ishdan bo‘shatish yoki olishda homiladorlik vaj qilib ko‘rsatilishi mutlaq taqiqlanishi eng muhim o‘zgarishlardan biri ekanligini, uy-joy masalasida Konstitutsiyada alohida me’yor sifatida har bir shaxs uy-joyli bo‘lish huquqiga ega ekani belgilangani. «Snos» kabi muammolarga ham to‘liq barham berilayotgani, ya’ni endi fuqarolar uyini faqat sud qarori asosida olib qo‘yilishi mumkinligini va avvaldan kompensatsiyaning yarmi to‘lanishini, nogironligi bo‘lgan fuqarolarning huquqlari ham kengayib, bunda nogironligi bo‘lgan fuqarolarning ta’lim jarayonida bevosita ishtirok etishi ta’minlanishini hamda bunday fuqarolar barcha bilan teng huquqqa egaligini gapirib o‘tdi. Bundan tashqari, o‘qituvchilarga oid bo‘lgan alohida me’yor kiritilganini, shu me’yorga ko‘ra, davlat o‘qituvchilarning obro‘yi, sha’ni, moddiy-ijtimoiy ta’minoti haqida g‘amxo‘rlik qilishi belgilanganligini, shu asosida o‘qituvchilarni himoya qilishning huquqiy asoslari yaratilishini, - ta’kidlab o‘tdi.
Professor M. Baratov esa o‘z so‘zida, “Yangi O‘zbekiston - ijtimoiy davlat” konstitutsiyaviy tamoyili keng izohlar berib o‘tdi. Jumladan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning IX-bobida aks etgan o‘zgarishlarga: - mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori insonning munosib turmush darajasini ta’minlash zarurati hisobga olingan holda belgilanishini, davlat fuqarolarning bandligini ta’minlash, ularni ishsizlikdan himoya qilish, shuningdek kambag‘allikni qisqartirish choralarini ko‘rishini, bolalar mehnatining bolaning sog‘lig‘iga, xavfsizligiga, axloqiga, aqliy va jismoniy rivojlanishiga xavf soluvchi, shu jumladan uning ta’lim olishiga to‘sqinlik qiluvchi har qanday shakllari taqiqlanishi” kabi normalarga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Har bir inson o‘z huquqlarini bilishi va ularni amalga oshirishi uchun o‘z huquqlari va erkinliklari haqida xabardor bo‘lishi inson, jamiyat va davlat rivojida katta ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida” 2023 yil 7 fevraldagi 46-son Qarorida bu borada bir qator vazifalar belgilab berilgan.
Qaror ijrosi doirasida, jumladan, yurtimizning barcha hududlaridagi axborot-kutubxona markazlarida “Konstitutsiya va inson huquqlariga oid adabiyotlar” burchagi tashkil qilindi. O‘z navbatida, Sirdaryo viloyat Axborot-kutubxona markazida ham shunday burchak tashkil etildi va unga Milliy markaz hamda Davlat va huquq instituti tomonidan kitoblar taqdim etildi. Taqdim etilgan kitoblar orasida Brayl alifbosida chop etilgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasi alohida qiziqish uyg‘otdi.
Tadbirda 80 nafar Axborot-kutubxona markazi jamoasi, talabalar, o‘quvchi yoshlar, Milliy gvardiya askarlari va kitobxonlar ishtirok etdi.
Samimiy muloqot tadbir ishtirokchilariga manzur bo‘ldi. Axborot-kutubxona markazi jamoasi va kitobxonlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.