2023 yil 3-aprel kuni Toshloq tumanidagi xorijiy tillarga ixtisoslashgan 2-son umumiy o‘rta ta’lim maktabida umumiy o‘rta ta’lim maktablarining direktorlari, ma’naviy ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari, ijodiy-madaniy ishlar bo‘yicha ishchi guruhi ishtirokida “Yangilanayotgan Konstitutsiya: biz referendumda ovoz beramiz” mavzusida madaniy-ma’naviy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida Konstitutsiyamizdan o‘rin olayotgan yangi demokratik qoidalar, ularning mazmun-mohiyati haqida axborot berildi. Shuningdek, demokratiyaning eng muhim shartlaridan biri hisoblangan, davlat va jamiyat ahamiyatiga molik masalalarni hal qilishda xalqning bevosita ishtirokini ifodalaydigan referendumning ahamiyati haqida fikrlar yuritildi.
Konstitutsiyaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi, davlat hokimiyatining tashkil etilishi, vakillik va ijro organlarining o‘rni va roli haqida, Asosiy qonunimizning ijtimoiy davlat qurish, oila institutini mustahkamalash, mulkni himoya qilish kabi prinsipial qoidalar haqida ma’lumotlar berildi.
Tadbirda ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori, yuridik fanlar doktori, professor Murodjon Turg‘unov, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti bo‘lim boshlig‘i, yuridik fanlar doktori,professor Ahror Xudoyberdiev, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bo‘lim boshlig‘i, yu.f.n. Kamila Olimova va Milliy markaz mas’ul xodimi Hamidullo Mo‘minovlar konstitutsiyaviy islohotlar “Avval inson, keyin – jamiyat va davlat” degan g‘oya asosida erkin, demokratik, huquqiy va ijtimoiy davlatni shakllantirish va taraqqiy ettirishga qaratilgani bilan ahamiyatli ekanini ta’kidladilar.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti bo‘lim boshlig‘i, yuridik fanlar doktori, professor Axror Xudoyberdiev, har kimga malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanishi, Qonunda nazarda tutilgan hollarda yuridik yordam davlat hisobidan ko‘rsatilishi, har bir shaxs jinoyat protsessining har qanday bosqichida, shaxs ushlanganida esa uning harakatlanish erkinligi huquqi amalda cheklangan paytdan e’tiboran o‘z tanloviga ko‘ra advokat yordamidan foydalanish huquqiga egaligi, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi ayblovning mohiyati va asoslari to‘g‘risida xabardor qilinish, unga qarshi yoki uning foydasiga guvohlik berayotgan shaxslarning so‘roq qilinishini talab etish, tarjimon yordamidan foydalanish huquqiga egaligi, Qonunni buzgan holda olingan dalillardan odil sudlovni amalga oshirish chog‘ida foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi, jinoyat uchun hukm qilingan har kim qonunda belgilangan tartibda hukmning yuqori turuvchi sud tomonidan qayta ko‘rib chiqilishi huquqiga, shuningdek afv etish yoki jazoni yengillashtirish to‘g‘risida iltimos qilish huquqiga egaligi, huquqbuzarliklardan jabrlanganlarning huquqlari qonun bilan muhofaza qilinishi, davlat jabrlanganlarga himoyalanishni va odil sudlovdan foydalanishni ta’minlanishi, ularga yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishi alohida ta’kidlab o‘tildi.
Tadbir ishtirokchilari joriy yil 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi umumxalq referendumida barchani faol ishtirok etishga chaqirdilar.