2023 yil 3-aprel kuni Farg‘ona viloyati Oltiariq tumani madaniyat uyida “Yangilanayotgan Konstitutsiya va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyati: takomil sari” mavzusida o‘tkazilgan anjumanda tumandagi 72 ta mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari ishtirok etdi. Anjumanda Oltiariq tumani Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i R.Hamdamov kirish so‘zi olib, joriy yil 30-aprel kuni bo‘lib o‘tadigan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga bag‘ishlangan referendum, uning tartib-taomillari, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning ayrim normalari mazmun-mohiyatini yetkazish maqsadini bayon etdi. O‘zFA Davlat va huquq instituti bo‘lim boshlig‘i, yu.f.d., prof. M.X.Baratov kun mavzusida ma’ruza qildi.
M.X.Baratov o‘z so‘zida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining muqaddimasidagi yangiliklarga to‘xtaldi. Amaldiga matnda Konstitutsiya “O‘zbekiston xalqi nomidan o‘zining muxtor vakillari siymosida O‘zbekiston Respublikasining mazkur Konstitutsiyasini qabul qilganligi”, yangilanayotgan tahrirda – “Biz, O‘zbekistonning yagona xalqi... ushbu Konstitutsiyani qabul qilamiz va e’lon qilamiz” deb belgilanishi ushbu Konstitutsiya Xalq Konstitutsiyasi ekanini, uning paydo bo‘lishi va shakllanishida fuqarolarimiz bevosita ishtirok etganiga urg‘u berdi.
Yangilanayotgan Konstitutsiyadagi “Har kim munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash, xavfsizlik va gigiena talablariga javob beradigan qulay mehnat sharoitlarida ishlash, mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz hamda mehnatga haq to‘lashning belgilangan eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan tarzda adolatli haq olish, shuningdek ishsizlikdan qonunda belgilangan tartibda himoyalanish huquqiga ega. Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori insonning munosib turmush darajasini ta’minlash zarurati hisobga olingan holda belgilanadi. Homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanadi” (42-m.), “Har kim qariganda, mehnat qobiliyatini yo‘qotganda, ishsizlikda, shuningdek boquvchisini yo‘qotganda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ijtimoiy ta’minot huquqiga ega. Qonunda belgilangan pensiyalar, nafaqalar va boshqa turdagi ijtimoiy yordamning miqdorlari rasman belgilangan eng kam iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lishi mumkin emas” (46-m.), “Shaharchalar, qishloqlar va ovullarda, shuningdek shaharlar, shaharchalar, qishloqlar va ovullardagi mahallalarda fuqarolarning yig‘inlari o‘zini o‘zi boshqarish organlari bo‘lib, ular raisni saylaydi. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmaydi hamda mahalliy ahamiyatga molik masalalarni fuqarolarning manfaatlaridan, rivojlanishning tarixiy o‘ziga xos xususiyatlaridan, shuningdek milliy qadriyatlardan, mahalliy urf-odatlar va an’analardan kelib chiqqan holda, qonunga muvofiq mustaqil ravishda hal etishga haqli. Davlat fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini amalga oshirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi, ularga qonunda belgilangan vakolatlarini amalga oshirishida ko‘maklashadi” (127-m.) normalar alohida ta’kidlandi.
Berilgan savollarga tegishli javoblar berildi.