The site is running testing mode

Yagona aloqa raqami (+998) 71 2000036; Ishonch telefoni (+998) 71 2335623

Zamonaviy dunyoda inson huquqlarini himoya qilish: O‘zbekiston va Rossiya tajribasi

 

Joriy yilning 29-iyul kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida "Zamonaviy dunyoda inson huquqlarini himoya qilish: O‘zbekiston va Rossiya tajribasi" mavzusida huquqiy kollokvium bo‘lib o‘tdi.

Unda respublikamizning ko‘zga ko‘ringan ilmiy markazlari bilan bir qatorda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Davlat va huquq institutining ilmiy xodimlari hamda doktorantlari ishtirok etdi. Kollokvium ishida O‘zbekiston Respublikasida yuridik fanlarni rivojlantirish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengashning ko‘pgina a’zolari ham qatnashdi.

Ushbu e’tiborga loyiq bo‘lgan tadbir Rossiya Federatsiyasining Inson huquqlari bo‘yicha vakili, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi raisi Tatyana Moskalkovaning mamlakatimizga tashrifi doirasida tashkil etildi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov tadbirni ochar ekan, Tatyana Moskalkova rahbarligidagi Rossiya Federatsiyasining Inson huquqlari bo‘yicha vakili delegatsiyasi a’zolarini va boshqa ishtirokchilarni samimiy qutladi. Ushbu huquqiy kollokvium joriy yilda Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi va BMT tashkil etilganining 80 yilligi, shuningdek, YeXHTning Xelsinki bitimi 50 yilligi nishonlanayotgan muhim davrda o‘tkazilayotgani bilan g‘oyat ahamiyatli ekanini ta’kidladi. Shuningdek, 30-iyul sanasi butun dunyoda – Xalqaro do‘stlik kuni hisoblansa, mamlakatimizda ushbu kun Xalqlar do‘stligi kuni sifatida keng nishonlanadi.

Bugungi kunning muammolari – iqlim o‘zgarishi, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi, tarif urushlari, noqonuniy migratsiya, ijtimoiy tengsizlik kabi masalalar kuchlarni birlashtirish zarurligini taqozo etmoqda. Faqat birgalikda harakat qilsakkina bu tahdidlarga samarali qarshi tura olamiz.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori qayd etganidek, xalqaro vaziyat tobora murakkablashib, beqarorlik darajasi oshib borayotgan hozirgi kunda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar dunyoning ko‘plab mamlakatlarida inson huquqlarini himoya qilish milliy tizimining majburiy unsurlariga aylangan. Bunda ushbu institutlarning haqiqiy kuchi va samaradorligi ularning huquqiy maqomiga bevosita bog‘liq ekanligi sir emas.

Bugungi kunda dunyoning 150 ta davlatida qariyb 200 ta inson huquqlari bo‘yicha milliy institut tashkil etilgan. Shuningdek, 140 ta mamlakatda 1 mingdan ortiq ombudsman institutlari faoliyat yuritmoqda. Shuni ta’kidlash joizki, barcha mamlakatlar uchun yagona milliy institut modeli mavjud emas. Har bir mamlakat boshqa davlatlar tajribasidan foydalanishi mumkin, binobarin, bunday institutlar milliy hamda mahalliy madaniy va huquqiy an’analarni inobatga olgan holda tashkil etiladi.

O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi bo‘lib inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar tizimini yaratdi. Bu tizimga Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) va Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani), O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil instituti hamda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi kiradi.

O‘zbekistonning inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar tajribasi xalqaro hamjamiyat va ilmiy doiralar tomonidan ijobiy baholanib, turli mamlakatlarda o‘rganish uchun qiziqish uyg‘otmoqda. Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasining 56-moddasida belgilanganidek, "Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning mavjud shakllari hamda vositalarini to‘ldiradi, fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga va inson huquqlari madaniyatini yuksaltirishga ko‘maklashadi. Davlat inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar faoliyatini tashkil etish uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi".

Shundan so‘ng asosiy ma’ruza uchun so‘z navbati Rossiya Federatsiyasining Inson huquqlari bo‘yicha vakili, MDH Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi raisi Tatyana Moskalkovaga berildi.

Tatyana Moskalkova Milliy markaz rahbariyatiga huquqiy kollokviumda ma’ruza bilan ishtirok etish imkoniyati yaratilgani uchun minnatdorchilik bildirar ekan, inson huquqlari bo‘yicha vakillik instituti Rossiya Federatsiyasida inson huquqlarini himoya qilishning eng yosh va jadal rivojlanayotgan demokratik institutlaridan biri ekanligiga e’tiborni qaratdi.

Tadbir davomida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi ijrosi doirasida erishilgan yutuqlar haqida so‘z yuritildi. Inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi milliy tajriba, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar faoliyatini yanada rivojlantirish istiqbollari, sohaga oid qonunchilikdagi yangiliklar va O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Huquqiy kollokvium yakunida Rossiya Federatsiyasining Inson huquqlari bo‘yicha vakili, MDH Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi raisi Tatyana Moskalkova Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining o‘tgan yil oxirida ochilgan “Inson huquqlari uyi” faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

T. Moskalkova “Inson huquqlari uyi”ga noyob kartina sovg‘a qildi. O‘z navbatida, mo‘tabar mehmonga inson huquqlari bo‘yicha yangi nashr etilgan kitoblar taqdim etildi.

Oflayn va onlayn tarzda tashkil etilgan tadbirda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi mas’ul xodimlari, Milliy markazning Ilmiy-maslahat kengashi va Jamoatchilik kengashi a’zolari, shuningdek, ilmiy-akademik hamjamiyat hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etdi.


×