The site is running testing mode

Yagona aloqa raqami (+998) 71 2000036; Ishonch telefoni (+998) 71 2335623

Konstitutsiyaviy islohotlar va ijtimoiy davlat qurish

2023 yilning 12 aprel sanasida Toshkent viloyati Chirchiq shahrida Konstitutsiyaviy islohotlar va ijtimoiy davlat qurish” mavzusiga bag‘ishlangan O‘zbekiston-Qozog‘iston xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi,  Barqaror rivojlanish markazi hamda Chirchiq davlat pedagogika universiteti hamkorligida tashkil etildi.

Tadbir oflayn va onlayn shaklida tashkil etilgan bo‘lib, unda Davlat va huquq instituti ilmiy jamoasi, Qozoxstonlik ekspertlar hamda O‘zbekiston NNT vakillari va huquqshunos olimlari ishtirok ishtirok etdi.

Tadbirni O‘zbekiston FA davlat va huquq instituti direktori, yu.f.d., prof. Murodjon Turg‘unov (Samarqand viloyati NNT Do‘stlik uyi konferens-zalidan turib, onlay tizim orqali) ochib berdi. U o‘z so‘zida,  Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar bo‘yicha hamda 2023 yil 30 aprelda bo‘lib o‘tadigan referendumning tartib-tamoyillari haqida ma’lumotlar berdi. Onlayn tarzda o‘tayotgan davra suhbati davomida, professor M.Turg‘unov Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi,  Barqaror rivojlanish markazi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi tashabbusi bilan viloyat Ko‘zi ojizlar jamiyati raisiga  O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasi taqdim etdi.

Ko‘zi ojizlar jamiyati raisi Brayl alifbosidagi Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasi o‘z qo‘li bilan o‘qib ko‘rib mamlakatimiz Prezidenti, huqumati va ushbu kitobni ko‘zi ojizlarga yetkazib berishda barcha qatnashganlarga cheksiz minnatdorchiligini bildirib, benihoyat hursand bo‘lganini aytdi. Shuningdek, u yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyaning 57-moddasida ta’kidlangan norma, ya’ni nogironligi bo‘lgan, xususan ko‘zi ojiz shaxslarning huquqlari davlat tomonidan to‘la kafolatlangani hamda ularga zarur bo‘lgan axborotni to‘sqinliksiz olish imkoniyati mavjudligini ushbu, Brayl alifbosidagi Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasi orqali, yaratilganini amalda ifodasini topganligini alohida ta’kidladi.

Qo‘shni Qozog‘iston tomonidan “Intellest Orda” xalqaro ijtimoiy-gumanitar tadqiqotlar integratsiyasi instituti direktori, tarix fanlari doktori, professor, Sattor Majitov “O‘zbekiston Konstitutsiyasining yangi tahriri: Qozog‘iston nuqtai nazari” bo‘yicha ma’ruza bilan ishtirok etib, o‘z hamjamiyati tomonidan bo‘lgan munosabatlarini bildirib o‘tdi.

Shuningdek, jurnalist, xalqaro ekspert (Qozog‘iston) Danara Kurmanova o‘z nutqida Konstitutsiyaning yangi tahririda nogironlarni himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha nazarda tutilayotgan moddalariga alohida e’tibor qaratdi.

Tadbirda ekspertlar tomonidan yangi davrning eng muhim va ustuvor xususiyatlari, avvalo, mamlakatimizda davlat va boshqaruv organlari, barcha rahbarlar bundan buyon o‘z faoliyatini “Inson qadri uchun” degan ezgu tamoyil asosida olib borishi, ularning barcha kuch va imkoniyatlari adolatli jamiyat va ijtimoiy davlat qurish, hozirgi va kelgusi avlodlarning farovon turmushini ta’minlashga qaratilgani haqida so‘z yuritdilar.

Xususan, FA Davlat va huquq instituti professori, yuridik fanlari doktori A. Xudoyberdiev - “Kuchli ijtimoiy himoya va muhtojlarga g‘amxo‘rlik – davlat siyosatining muhim yo‘nalishi bo‘lib qoladi” mazusida ma’ruza qilib, quyidagilarni ta’kidladi;

“Tariximizda ilk bora O‘zbekiston – ijtimoiy davlat, deb belgilanmoqda. Ya’ni, insonga e’tibor hamda g‘amxo‘rlik – davlat va jamiyatning eng asosiy burchi ekani mustahkamlanayapti. Konstitutsiyada kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, ishsizlikdan himoya qilish bo‘yicha davlat o‘ziga qator yangi majburiyatlar olishi belgilanmoqda. Umuman davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlari bilan bog‘liq Konstitutsiyadagi normalar 3 barobar ko‘paytirilyapti. Xususan, Konstitutsiyada har kimning uy-joyli bo‘lish huquqi belgilanmoqda. Ushbu normaning amal qilishihar bir fuqaro, jumladan, yosh oilalarning o‘z boshpanasiga ega bo‘lishini ta’minlab, kishilarning hayotdan rozilik darajasini oshiradi.

Ma’lumot uchun: o‘tgan yili mamlakatimizda 50 ming oila uchun yangi kvartiralarolishga sharoit yaratib berilgan bo‘lsa,bu yil 90 ming oilani uy-joyli qilish marrasi olingan. Yaqin 2-3 yilda esa bu raqamni 200 mingga yetkazish ustida ishlanmoqda. Bundan tashqari, hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzdauy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi, uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda(bozor qiymatida) qoplanishi ta’minlanishi kafolatlanmoqda.

Aholi kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlardan foydalanishi ham loyihaga kiritilgan. Umuman, loyihada aholi salomatligini asrash bilan bog‘liq normalar 4 barobar ko‘paytirilmoqda. Bu aholi sog‘lig‘ini ishonchli muhofaza etish hamda onalar va bolalar o‘limi, yuqumli kasalliklar tahdidini bartaraf etishda juda muhim ahamiyatga egadir. Ma’lumot uchun:joriy yilda “Kafolatlangan xizmatlar paketi” qayta ko‘rib chiqilib, unda 20 turdagi kasalliklar bo‘yicha diagnostika, davolash va profilaktika xizmatlari hajmi to‘liq qamrab olinadi. Ko‘p uchraydigan 20 turdagi kasalliklar bo‘yicha birlamchi bo‘g‘indagi bepul analiz turlari – 15 tadan 25 tagacha, tekshiruvlar – 10 tadan 20 tagacha, dorilar – 64 tadan 90 taga oshiriladi”.

Davra suhbati ishtirokchilaridan FA Davlat va huquq instituti yetakchi ilmiy xodimi, yu.f.n., dos. Ravshan Xakimov - ijtimoiy davlat qurilishi va bundan ko‘zlangan maqsadlar to‘g‘risida atroflicha to‘xtalib o‘tdi. Jumladan  ijtimoiy davlat  aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, kambag‘allik va ishsizlikni bartaraf etish, fuqarolarning bandligi va daromadi doimiy o‘sib borishini ta’minlash, yosh tadbirkorlar va ayollar tadbirkorligiga ko‘maklashish, ta’lim, sog‘liqni saqlash va ma’naviy-madaniy sohalarning barqaror rivojlanishiga erishish, ijtimoiy sug‘urta ta’minoti tizimini rivojlantirish, jamiyatdagi keskin ijtimoiy farqlanishga yo‘l qo‘ymaslik va ijtimoiy tengsizlikni yumshatish, imtiyozlarni qayta ko‘rib chiqish orqali barchaga munosib turmush sharoitlarini yaratish kabi vazifalarni bajarishi haqida ma’lumotlar berdi.

Darhaqiqat, ijtimoiy davlat fuqarolik jamiyati institutlari va davlat tashkilotlari maqsadlarining yaqinlashishi va uyg‘unlashishini nazarda tutadi.

Tadbir yakunida ekspertlar yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning qabul qilinishi “Inson qadri uchun” tamoyili asosida xalq farovonligini yanada oshirish, davlat va fuqarolik jamiyatini jadal rivojlanishi uchun mustahkam asos yaratishiga ishonch bildirdilar.


×