Bo’limning asosiy yo’nalishlari va vazifalari:
– fuqarolik-huquqiy va xalqaro-huquqiy intizomlar sohasida bazaviy tadqiqotlar o’tkazish;
– milliy qonunchilikning xalqaro huquqiy normalar va standartlarga muvofiqligini tahlil qilish, ularni mamlakatimiz qonunchiligiga samarali tatbiq ztish uchun tegishli takliflarni ishlab chiqish;
– fuqarolik qonunchiligini takomillashtirish, shuningdek xalqaro huquqiy hamkorlikni rivojlantirish maqsadida ekspert yordamini ko‘rsatish bo’yicha takliflarni tayyorlash.
Bo’lim xodimlari ilmiy huquqiy tadqiqotlar o’tkazish, ilmiy tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, ilmiy adabiyotlarni tayyorlash, ilmiy kadrlar malakasini oshirishda, fuqarolik huquqi va xalqaro huquqiy fanlarning dolzarb masalalariga bag’ishlangan xalqaro va respublika ilmiy tadbirlarida faol qatnashmoqdalar.
Shu bilan birga bo‘lim xodimlari boshqa ilmiy, o’quv va boshqa tashkilotlar tomonidan o’tkaziladigan ilmiy tadbirlarda faol ishtirok etib kelmoqdalar. Ular davlat organlari va boshqa muhim tashkilotlarda ekspert sifatida qatnashadigan ko‘plab ilmiy maslahat kengashlari, ishchi guruhlarning a’zolari hisoblanishadi.
Bo’lim ishini tashkil etishda zamonaviy sharoitlarda fuqarolik huquqi va xalqaro huquqning rivojlanishi, fuqarolik huquqiy va xalqaro huquqiy fanlarning rivojlanishining yangi tendensiyalari va istiqbollari kabi masalalarga katta e’tibor qaratilmoqda. Bazaviy ilmiy muammolarni ishlab chiqish bilan bevosita bog’liq bo’lgan dolzarb muammmolar shular jumlasidandir. Hozirgi kunda bo’lim xodimlari raqamli transformatsiya sharoitida fuqarolik huquqi va xalqaro huquqiy fanlarni rivojlantirishga, O’zbekistonning inson huquqlari, mintaqaviy hamkorlikni faollashtirish, xalqaro saylov standartlari, xalqaro xavfsizlik qonunchiligi va boshqa sohalardagi xalqaro tashabbuslarini amalga oshirishga bag’ishlangan bir qator ilmiy nashrlarni tayyorlash ustida ishlamoqda.
Bo‘limdagi xodimlar
Baratov Mirodiljon Xomudjonovich – Fuqarolik-huquqiy va xalqaro huquq fanlari hamda xalqaro tashkilotlar bo‘limi boshlig‘i.
1975 yil Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, Toshkent davlat yuridik instituti (TDYuI, 1996 y.). Vengriya, Malayziya, Yaponiya, Germaniya oliy ta’lim va turdosh tashkilotlarida malaka oshirgan.
Mehnat faoliyatini 1990 yilda jamoa xo‘jaligi a’zoligidan boshlagan. 1991-1996 yillarda talaba, 1996-2014 yillarda TDYuI o‘qituvchisi, katta o‘qituvchisi, dotsenti v/b, dotsenti, kafedra mudiri v/b, professor v/b, 2013-2014 yillarda Toshkent davlat yuridik universiteti (TDYuU) professori v/b, 2014-2015 yillarda “Huquq va burch” ijtimoiy-huquqiy jurnali bosh muharririning o‘rinbosari, TDYuU professori v/b (o‘rindoshlik asosida), 2015-2018 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Oliy o‘quv kurslari qonunlar ijrosi ustidan nazorat kafedrasi katta o‘qituvchisi, 2018 yilda A.Avloniy nomidagi XTTRMXQTMO instituti professori, 2018 yil 3 oktyabrdan TDYuU professori lavozimlarida ishlagan.
2021 yil 10 iyundan – hozirga qadar O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti Fuqarolik-huquqiy va xalqaro huquq fanlari hamda xalqaro tashkilotlar bo‘limi boshlig‘i. Yuridik fanlar doktori (2008), professor (2017).
300 dan ortiq ilmiy ishlar muallifi. Ular jamiyatda huquqiy madaniyat va huquqiy ongni yuksaltirishga qaratilgan nashrlardir. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga sharh (8-bob), “O‘zbekiston Milliy Ensiklopediyasi”, “O‘zbekiston Yuridik Ensiklopediyasi” loyihasining hammualliflaridan, shuningdek qator darsliklar, qonunlarga sharhlar, monografiyalar, o‘quv qo‘llanmalar, ilmiy maqolalar muallifidir.
Dissertatsiya natijasida qo‘lga kiritilgan muhim yangiliklar fuqarolik-huquqiy munosabatlarning sub’ekti bo‘lgan – davlatning fuqarolik-huquqiy sub’ektliligi doktrinasi yaratilishiga hissa qo‘shdi; davlat ushbu munosabatlarda qatnashganda, o‘z immunitetidan voz kechmasligi isbotlab berildi. “O‘zbekiston Respublikasining davlat immuniteti to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi ishlab chiqildi; mulk shakllarining huquqiy tabiati ochib berildi: ilmiy g‘oyalar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 68-moddasida; “Davlat mulkini boshqarish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunida o‘z aksini topdi.
M.X.Baratov rahbarligida 7 nafar fan nomzodi, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD), o‘nlab magistr va bakalavrlar tayyorlandi. 5 ta ish yuzasidan rasmiy opponentlik amalga oshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Ilmiy-maslahat kengashi a’zosi (2013-2017 yy.), Respublika “Mahalla” xayriya jamoat fondi huzuridagi Ilmiy-maslahat kengashi a’zosi (2013-2014 yy.), Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi eksperti (2010-2014 yy.), Oliy Majlis Senati Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasining eksperti (2012-2014 yy.); Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi qoshida tuzilgan Ekspert kengashi (Agrar va ekologiya masalalari bo‘yicha) a’zosi (2012-2014 yy.); Konstitutsiyaviy sud huzuridagi Ilmiy-maslahat kengashi a’zosi (2018 y.), Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Odil sudlov muammolarini o‘rganish tadqiqot markazi Ekspert guruhi a’zosi (2018 y.), Oliy attestatsiya komissiyasi yurisprudensiya fanlari bo‘yicha Ekspert kengashi a’zosi (2017-2023 yy.) sifatida o‘z ishtiroki bilan qatnashgan.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashi huzuridagi “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi; “Huquqiy tadqiqotlar”, “Xalq ta’limi”, “Xalq ta’limi Axborotonomasi”, “SAI / Soc@Innovations”, “FarDU Ilmiy xabarlari”, “International Journal of Social Science and Human Research”, «Vsyo nauki» milliy va xorijiy jurnallari tahrir hay’atlari a’zosi.
Ijtimoiy-gumanitar fanlari sohalarida ilmiy unvonlarga talabgorlar uchun “Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish, qonun ustuvorligi, iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish hamda ijtimoiy rivojlanishning ilmiy asoslari va amaliy yo‘nalishlari” fanidan maxsus imtihon komissiyalari a’zosi (O‘zbekiston milliy univaersiteti, Bosh prokuratura akademiyasi).
Norma ijodkorligi yo‘nalishida “Davlat mulkini boshqarish to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasining davlat immuniteti to‘g‘risida”, “Yuridik shaxslar va fuqarolarning binolari hamda inshootlari bilan band bo‘lgan yer uchastkalari xususiylashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun loyihalari muallifi; “O‘zbekiston Respublikasining Fan to‘g‘risida”gi qonuni loyihasini tayyorlash Respublika ishchi guruhi a’zosi sifatida ishtirok etgan.
Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 5 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasining fuqarolik qonunchiligini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi F–5464-son Farmoyishi asosida yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi loyihasini tayyorlash ishchi guruhi a’zosi.
“O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida” PF–4744-son, “2022 – 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida” PF–60-son, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi to‘g‘risida” PF–158-son Farmonlari ijrosi doirasida joylarda o‘tkazilgan agrar qonunchilik, sud-huquq islohotlari va ma’naviy hayotimizga doir qator tadbirlar – ijtimoiy, madaniy aksiyalarda qatnashgan va chiqishlar qilgan.
Yangilangan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi loyihasiga bag‘ishlab viloyatlar va Toshkent shahrida o‘tkazilgan yuzlab uchrashuvlarda o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etgan.
Hokimlarning an’anaviy o‘quv seminarlari, huquqiy savodxonlik oyliklari ishtirokchisi.
Davlatimiz rahbarining har yili e’lon qilinadigan davlat mustaqilligining yilliklariga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorlari, shuningdek davlat tiliga doir qonun va uning ijrosini ta’minlash, o‘quv jarayonini takomillashtirish mavzularida turli formatlarda – ommaviy axborot vositalarida, chekka-chekka qishloq deparalarida o‘tkazilayotgan ma’rifiy tadbirlarda ishtirok etmoqda.
“Ma’naviyat fidoiysi” ko‘krak nishoni sohibi.
Ayni dam “Jahon savdo tashkiloti hujjatlarini O‘zbekiston qonunchiligiga implementatsiya qilish istiqbollari” nomli jamoaviy loyiha ustida ish olib bormoqda.
Akramxo‘jayev Bori To‘xtaxo‘jaevich 1955-yil 3-dekabrda Toshkent shahrida xodim oilasida tug‘ilgan. 1963–1973-yillarda A.S.Pushkin nomidagi 10-son oʻrta ixtisoslashtirilgan maktabni tamomlagandan soʻng chizmachi va detalchi mutaxassisligini olgan. 1973–1978-yillarda Toshkent davlat universitetining yuridik fakulteti talabasi. Universitetni tugatgach, huquqshunoslik diplomini oldi. 1978-yil iyul oyidan – 2014-yil yanvarigacha O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlarida ishlagan. 1992-yilda 12.00.09 – Jinoyat-protsessual, kriminalistika, tezkor-qidiruv huquqi va sud ekspertizasi mutaxassisligi bo‘yicha “Dastlabki tergov jarayonida jabrlanuvchining huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 1992-yil oktabrdan – 2014-yil yanvargacha O‘zbekiston Respublikasi IIV akademiyasi Jinoyat-protsessual kafedrasida ishlagan. 2014-yilda yoshi tufayli nafaqaga chiqqan. 2001-yilda uning Rossiya Federatsiyasi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan berilgan yuridik fanlar nomzodi diplomi O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori darajasi bilan nostrifikatsiya qilingan. 2017-yil dekabr oyida B.T.Akramxo‘jaev O‘zbekiston Respublikasi IIV Yong‘in xavfsizligi institutining “Boshqaruvni tashkil etish, nazorat qilish va huquqiy ta’minlash” kafedrasi dotsenti lavozimiga ishga kirib, 2023-yil fevraligacha ishlagan. Keyinchalik bu institut O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasiga aylantirildi. Ushbu akademiya faoliyati davomida u texnika fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini berish boʻyicha Akademiya Ilmiy kengashi aʼzosi boʻlgan. Hammualliflikda “Huquqiy tayyorgarlik”, “Inson huquqlari” darsliklari nashr ettirdi.
Mahalla xavfsizligini taʼminlashning dolzarbligini koʻrsatuvchi, Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlaridagi boʻshliqni qayd etib, Oʻzbekiston Respublikasida konstitutsiyaviy kafolatlarga ega boʻlmagan jinoyat qurboni shaxsini koʻrsatuvchi maqolalar yozdi. Aynan jinoyat qurbonlarini qondirish jamiyat va davlatning birlamchi vazifasiga aylanishi kerak, keyin esa xavfsiz mahalla huquqiy haqiqatga aylanadi. Shu bilan birga, B.T.Akramxo‘jaev reviktimologiya – jinoyat qurbonining huquqiy maqomini tiklash fanida ham faoliyat yuritadi.
Bundan tashqari, B.T.Akramxo‘jaev O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 30-apreldagi amaldagi Konstitutsiyasi loyihasini tayyorlashda faol ishtirok etib, O‘zbekiston Respublikasining Asosiy qonunida jinoyat qurboni maqomini aks ettirishni taklif qildi. Qonun chiqaruvchi ushbu masalani O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 29-moddasida (huquqbuzarlikdan jabrlanuvchi maqomi) belgilab berdi.
2023-yil 14-noyabrdan – hozirgacha O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti katta ilmiy xodimi.
B.T.Akramxo`jayevning ilmiy tadqiqotlari jinoyat protsessual va kriminalistika fanlariga tegishli. 1996-yilda “ Kriminalistika taktikasi” nomli davlat tilidagi oʻquv qoʻllanmani nashr ettirdi, soʻngra “Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksiga sharh”ni chop etish ustida ishladi, u 2000-yilda birgalikda davlat tilida chop etildi. Shundan so‘ng “Jinoyat-protsessual” va “Huquqni muhofaza qilish organlari” fanlari bo‘yicha darsliklar tayyorlash bilan shug‘ullangan. Shu bilan birga, o'qituvchilik faoliyati bilan ham shug'ullangan. Uning ilmiy rahbarligida 2005- va 2008-yillarda O‘zbekiston Respublikasi IIV akademiyasi Ixtisoslashtirilgan kengashida yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori ilmiy darajasini olish uchun ikkita dissertatsiya himoyasi o‘tkazildi.
Hozirgi kunda bo‘lim ish rejasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi masalalari bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlari bilan shug‘ullanmoqda.