"O‘zbekiston – 2030" strategiyasining ustuvor maqsadlariga erishish va inson huquqlarini ta’minlash istiqbollari
Diqqat markazida
7-aprel, 2026-yil, 10:36
1 773
6-aprel kuni Inson huquqlari uyida "O‘zbekiston – 2030" strategiyasining ustuvor maqsadlariga erishish va inson huquqlarini ta’minlash istiqbollari" mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbir mamlakatning barqaror rivojlanishi hamda fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish mexanizmlarini kuchaytirishga oid asosiy yo‘nalishlarni muhokama qilishga qaratildi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2026-yil 16-fevralda qabul qilingan "Mamlakatni 2030-yilgacha rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va chuqurlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Farmonning mazmun-mohiyatini tushuntirishga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazi mas’ul xodimlari, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti doktorantlari, O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasining "Xalqaro inson huquqlari huquqi" yo‘nalishi bo‘yicha magistrantlari, shuningdek, inson huquqlari sohasida tadqiqot olib borayotgan doktorantlar va mustaqil izlanuvchilar ishtirok etdilar.
Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktori, akademik Akmal Saidov mamlakatning strategik rivojlanish maqsadlariga erishishda inson huquqlarini ta’minlashning hal qiluvchi ahamiyatini ta’kidlab, taqdimot qildi. "Yangi O‘zbekiston"ni barpo etish jarayonida inson qadr-qimmati, huquqlari va fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida e’tirof etilishi qayd etildi.
Tadbirda Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori Murodjon Turg‘unov hamda institut bo‘lim boshlig‘i, professor Mirodiljon Baratov ham so‘zga chiqdilar. Ma’ruzachilar o‘z chiqishlarida "O‘zbekiston – 2030" strategiyasining maqsad, vazifa va asosiy ustuvor yo‘nalishlarini bayon qilib, fuqarolarning huquq va erkinliklariga rioya etish, aholining huquqiy madaniyatini oshirish hamda ijtimoiy adolat tamoyillarini mustahkamlash muhimligini alohida ta’kidladilar. Davra suhbati ishtirokchilari "O‘zbekiston – 2030" strategiyasi mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida yangi bosqichni aks ettirishi hamda amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini oshirish va aholi turmush sifatini yaxshilashga qaratilganligini ta’kidladilar.
Ushbu hujjatning izchil va muvaffaqiyatli amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida uni boshqa strategik tashabbuslar bilan uyg‘unlashtirish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir yakunida so‘nggi yillarda O‘zbekistonda rivojlanishga oid strategik hujjatlarni ishlab chiqish va hayotga tatbiq etish borasida salmoqli amaliy tajriba to‘plangani qayd etildi.
Shu nuqtai nazardan, ushbu sohadagi ikkinchi milliy strategiya vazifasini o‘taydigan va 2026-yilga mo‘ljallangan "Inson huquqlari – 2030" strategiyasini ishlab chiqishga alohida ahamiyat berilmoqda.
Yakunda ishtirokchilar milliy inson huquqlarini himoya qilish tizimini yanada mustahkamlashga qaratilgan holda, hujjat loyihasini takomillashtirish bo‘yicha bir qator taklif va tavsiyalarni ilgari surdilar.