The site is running testing mode

Yagona aloqa raqami (+998) 71 2000036; Ishonch telefoni (+998) 71 2335623

Akademik Akmal Saidov Rishtonda yoshlar bilan uchrashdi

 

24-aprel kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati akademik Akmal Saidov bilan Farg‘ona viloyati Rishton tumanidagi «Cambridge School» innovatsion xususiy maktabida bo‘lib o‘tgan uchrashuv avvalida shu haqda so‘z bordi. Tadbirda maktab rahbariyati, o‘qituvchilar va o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi.

Maktab direktori, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) O‘rinboy Abduolimov akademik A.Saidovning jamiyatimizda huquqiy dunyoqarashni yuksaltirish, yoshlarda yuridik tafakkurni shakllantirish, yangi tizimdagi akademik darsliklarni yaratish borasidagi ulkan xizmatlari mamlakatimiz ilmiy hamjamiyati tomonidan e’tirof etilganini ta’kidladi. Akmal Xolmatovich – taniqli davlat va jamoat arbobi, nafaqat O‘zbekistonda, ayni chog‘da, xorijda ham e’tirof etilgan yetakchi huquqshunos, bir qator xalqaro va xorijiy yuristlar assotsiatsiyalarining a’zosi hisoblanadi.

O‘z navbatida, Akmal Saidov xorijiy tillarni o‘rganishning ahamiyati haqida to‘xtalar ekan, bolalik davridanoq darsliklardan tashqari, turli badiiy asarlarni o‘zbek tili bilan bir qatorda ingliz va rus tillarida o‘qib, mag‘zini chaqa bilganini qayd etdi. Keyinchalik erkin muloqot qila oladigan tillari soni nemis va fransuz tillari hisobiga yanada ko‘paygani va 11 ta yetganligini ta’kidladi. Bu esa unga ana shu tillarni nafaqat tushunish, balki ularni o‘zaro qiyoslash orqali, qay biri qaysi jihatlari bilan o‘ziga xos ekanini anglash imkonini ham bergan.

Yana bir muhim jihat – har qanday kitobni qaysi tilda yozilgan bo‘lsa, o‘sha tilda o‘qigan ma’qul, dedi A.Saidov. Shuning uchun xorijiy tillarni o‘rganish lozim. Chet tillarni o‘rganish – hayotiy ehtiyoj. Ayni vaqtda til o‘rganish jarayonining o‘zini ham lug‘atsiz, kitobsiz tasavvur etish mumkin emas. Binobarin, xalqimizda: “Kitobsiz aql – qanotsiz qush”, degan naql borligi bejiz emas.

Shuningdek, akademik A.Saidov huquqiy bilim va konstitutsiyaviy xulq-atvorni o‘zaro mujassam etgan holda, yangi tahrirdagi Konstitutsiya normalarini har bir shaxs va butun jamiyat hayotiga chuqur tatbiq etishda yoshlarning o‘rni va roli muhimligi haqida muxtasar to‘xtaldi. Zero, ulug‘ mutafakkir Abu Nasr Forobiy ta’kidlaganidek, bilim yaxshi xulq-atvor bilan bezatilgan bo‘lishi lozim.

Konstitutsiya – alohida huquqiy maqomga ega oliy darajadagi hujjat, jamiyat va davlat o‘rtasidagi o‘ziga xos noyob jamoatchilik shartnomasidir. Chunki fuqarolar aynan shu Asosiy qonun negizida tegishli davlat organlariga hokimiyatni boshqarish vakolatini ishonib topshiradilar. Shunday ekan, Konstitutsiya talablarini bajarish, ularga so‘zsiz va qat’iy rioya qilish har bir insonning e’tiqodiga aylanishi darkor.

Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti direktori, yuridik fanlar doktori, professor Turg‘unov Murodjon Tursunboevich talaba yoshlarga mamlakatimizda sud-huquq sohasida va jamiyatimizning barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan islohotlar mohiyatini ishtirokchilarga sodda tarzda tushuntirib berdi.

Shuningdek, M.T.Turg‘unov Davlat va huquq instituti faoliyati haqida ishtirokchilarga batafsil ma’lumot berib, institut o‘z faoliyati jarayonida mamlakatning barqaror rivojlanishi maksadidan kelib chiqib qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud xokimiyati, huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa organlar uchun ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishni takomillashtirish bo‘yicha takliflarni o‘z ichiga olgan tahliliy hujjatlarni tayyorlash borasidagi hamda davlat va huhuq soxasida fanlararo fundamental ilmiy tadqiqotlarni bajarish, zamonaviy elektron-axborot va o‘quv-pedagogik texnologiyalardan foydalangan xolda aholining, shuningdek, davlat boshqaruvi organlari xodimlarining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish, inson huquqlari madaniyatini shakllantirishga ko‘maklashish va shu kabi boshqa faoliyat yo‘nalishlari xususida atroflicha to‘xtalib o‘tdi.

Shundan so‘ng, M.T.Turg‘unov tomonidan mamlakatimiz tarixida ilk bor umumxalq muxokamasi va referendum o‘tkazish orqali xalqimizning hoxish irodasini o‘zida to‘liq aks ettirgan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasining ishlab chiqilishi, qabul qilinishi va amaliyotga tatbiq etilishi borasidagi muhim ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan, Davlat va huquq instituti tomonidan nashrga tavsiya etilgan, akademik A.Saidov qalamiga mansub “Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi” darslik-xrestomatiyasi taqdimotini o‘tkazdi.

Qizg‘in, samimiy va ko‘tarinki ruhda o‘tgan uchrashuv talaba yoshlarda katta ta’surot qoldirdi va ularni  qiziqtirgan barcha savollarga to‘liq  javob berildi. Shuningdek, tadbir ishtirokchilari bo‘lgan yoshlarning talab va istaklaridan kelib chiqqan holda, akademik A.Saidov o‘quvchi yoshlar uchun “Konstitutsiyaviy huquq” darsligini yozib berishligini hamda o‘zbek (lotin alifbosida) va ingliz tillarida chop etilishi hamda maktab kutubxonasiga taqdim etilishini ta’kidladi.

Ushbu muloqot “Akademik va yoshlar” rukni doirasida tashkil etildi. Uchrashuv yakunida akademik A.Saidov o‘zining Konstitutsiyaviy huquq tarixi, davlat va huquq nazariyasi, inson huquqlari sohalariga oid yangi kitoblarini bilim dargohi kutubxonasiga taqdim etdi.


×