The site is running testing mode

Yagona aloqa raqami (+998) 71 2000036; Ishonch telefoni (+998) 71 2335623

“Akademik va yoshlar” uchrashuvi Farg‘ona davlat universitetida tashkil etildi

24-aprel kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati akademik Akmal Saidov Farg‘ona davlat universiteti professor-o‘qituvchilari va talabalari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Ushbu muloqot “Akademik va yoshlar” uchrashuvi doirasida tashkil etildi.

Farg‘ona davlat universiteti rektori Bahodir Shermuhammadov tadbirni ochar ekan, akademik A.Saidov taniqli davlat va jamoat arbobi, nafaqat mamlakatimizda, ayni chog‘da, xorijda ham e’tirof etilgan yetakchi huquqshunos, bir qator xalqaro va xorijiy yuristlar assotsiatsiyalarining a’zosi ekanligini qayd etdi. Shuningdek, akademik A.Saidov ko‘plab nufuzli xalqaro ilmiy anjumanlarni tashkil etganligi va ilmiy-amaliy konferensiyalarda ishtirok etganligi, bundan tashqari jamiyatimizda huquqiy dunyoqarashni yuksaltirish, yoshlarda yuridik tafakkurni shakllantirish, yangi tizimdagi akademik darsliklarni yaratish borasidagi ulkan xizmatlari e’tirof etildi. Ayni chog‘da, Akmal Saidov – siyosiy, huquqiy, adabiyot, ma’rifiy va tarixiy mavzularda ijod qiladigan mohir publitsist, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a’zosi hamdir. Uning asarlari dunyoning o‘ttizdan ortiq davlatida o‘zbek, rus, ingliz, fransuz, nemis, polyak, xitoy, arab va yapon tillarida nashr etilganligi e’tirof etildi.

Akademik A.Saidov muloqot davomida Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonda yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, navqiron avlod vakillarining taraqqiyot sari intilishlariga har tomonlama sharoit yaratish davlatimizning ustuvor siyosatiga aylanganligini ta’kidlab, mamlakatimizdagi yoshlarga oid davlat siyosati xalqaro jamoatchilik tomonidan ham keng e’tirof etilayotganligi hamda O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Yoshlar – 2030” strategiyasini jadal amalga oshirayotgan 10 ta davlat qatoridan joy olgani bejiz emasligi xususida to‘xtalib o‘tdi.

Muloqot davomida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining mohiyati hamda ahamiyati haqida atroflicha so‘z bordi. Akademik A.Saidov qayd etganidek, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz hayot jo‘shqinligi va o‘zgarishlarini o‘zida yaqqol aks ettiradi. Bugungi kunda uni hayotga so‘zsiz va to‘liq tatbiq etish ishlari izchillik bilan amalga oshirilmoqda.

Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti direktori, yuridik fanlar doktori, professor Turg‘unov Murodjon Tursunboevich talaba yoshlarga mamlakatimizda sud-huquq sohasida va jamiyatimizning barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan islohotlar mohiyatini ishtirokchilarga sodda tarzda tushuntirib berdi.

Shuningdek, M.T.Turg‘unov Davlat va huquq instituti faoliyati haqida ishtirokchilarga batafsil ma’lumot berib, institut o‘z faoliyati jarayonida mamlakatning barqaror rivojlanishi maksadidan kelib chiqib qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud xokimiyati, huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa organlar uchun ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishni takomillashtirish bo‘yicha takliflarni o‘z ichiga olgan tahliliy hujjatlarni tayyorlash borasidagi hamda davlat va huhuq soxasida fanlararo fundamental ilmiy tadqiqotlarni bajarish, zamonaviy elektron-axborot va o‘quv-pedagogik texnologiyalardan foydalangan xolda aholining, shuningdek, davlat boshqaruvi organlari xodimlarining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish, inson huquqlari madaniyatini shakllantirishga ko‘maklashish va shu kabi boshqa faoliyat yo‘nalishlari xususida atroflicha to‘xtalib o‘tdi.

Bundan tashqari, M.T.Turg‘unov o‘z ma’ruzasi davomida talaba yoshlarga murojaat qilib, Oliy ta’limdan keyingi ta’lim tizimining tayanch doktarantura bosqichida o‘zining ilmiy faoliyatini davom ettirish istagida bo‘lgan yoshlarni Davlat va huquq institutiga belgilangan tartibda hujjatlarini topshirishlari va o‘z ilmiy faoliyatini davom ettirishlari mumkinligini bayon etib, bu borada talaba yoshlarni qiziqtirgan savollarga javob berildi. 

Shundan so‘ng, M.T.Turg‘unov tomonidan mamlakatimiz tarixida ilk bor umumxalq muxokamasi va referendum o‘tkazish orqali xalqimizning hoxish irodasini o‘zida to‘liq aks ettirgan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasining ishlab chiqilishi, qabul qilinishi va amaliyotga tatbiq etilishi borasidagi muhim ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan, Davlat va huquq instituti tomonidan nashrga tavsiya etilgan, akademik A.Saidov qalamiga mansub “Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi” darslik-xrestomatiyasi taqdimotini o‘tkazdi.

Tadbir yoshlar uchun bilim va ko‘nikmalarni oshirish, inson huquqlari, Knstitutsiyaviy huquq va boshqa huquq sohasida ilmiy-nazariy bilimlarni chuqurlashtirish va amaliyotga yo‘naltirish hamda Oliy ta’limdan keyingi ta’lim bosqichida o‘z faoliyatini davom ettirish istagida bo‘lgan yoshlar uchun muhim manbaa bo‘lganligi e’tirof etildi.

Qizg‘in, samimiy va ko‘tarinki ruhda o‘tgan uchrashuv talaba yoshlarda katta ta’surot qoldirdi va ularni  qiziqtirgan barcha savollarga to‘liq  javob olishlariga imkoniyat yaratildi.

Tadbir yakunida akademik A.Saidov Farg‘ona davlat universiteti rahbariyati va jamoasiga o‘z minnatdorchiligini bildirdi. Ushbu oliy ta’lim dargohida ilm-fan va o‘quv jarayoni hamda yoshlar ta’lim-tarbiyasi uchun yaratilgan shart-sharoitlarni yuqori baholadi.

 

   

   

   


×