The site is running testing mode

Yagona aloqa raqami (+998) 71 2000036; Ishonch telefoni (+998) 71 2335623

Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi doirasida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish

 

O‘zbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlari va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi nafaqat siyosiy-ijtimoiy dastur sifatida, balki to‘laqonli huquqiy asosga ega milliy strategiya sifatida joriy qilinmoqda. Mamlakatda qabul qilinayotgan qonunlar, Prezident farmonlari va davlat dasturlari orqali mazkur strategiyaning har bir yo‘nalishi huquqiy jihatdan mustahkamlab borilmoqda. Qonunchilikdagi islohotlar va huquqiy kafolatlar har bir fuqaro — ayniqsa, yoshlar uchun ekologik mas’uliyat, faol fuqarolik va huquqiy bilimlarini rivojlantirishda mustahkam zamin yaratadi. Bu esa barqaror kelajak sari olib boruvchi ishonchli huquqiy yo‘nalish hisoblanadi.

Mazkur jarayonlar doirasida, 2025-yil 16-aprel kuni Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan 42-umumta’lim maktabida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti va Barqaror rivojlanish markazining Toshkent viloyati bo‘limi hamkorligida muhim va dolzarb mavzulardan biri — “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi doirasida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda tabiatni muhofaza qilish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, ekologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan ma’ruzalar, amaliy misollar, mulohazalar va viktorina tarzidagi qiziqarli savol javob tarzida o‘tkazildi.

Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori, yuridik fanlar doktori, professor Turg‘unov Murodjon Tursunboevich so‘zga chiqib, o‘z so‘zida hozirgi kunda mahallalarning ekologik qiyofasini yaxshilash, ko‘chalarda yashillik darajasini oshirish, ekologik jihatdan qulay va farovon yashash muhitini shakllantirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganligini, bundan ko‘zlangan maqsad, aholining salomatligini yaxshilash, ekologik turmush tarzini shakllantirish va inson salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun shart-sharoitlarni yaratish, tabiiy resurslarni tejash va ulardan oqilona foydalanish, ekologik barqarorlikni ta’minlash, o‘simlik va hayvonot dunyosini asrash, ko‘paytirish va keyingi avlodga yetkazish hamda biologik xilma-xillikni saqlash orqali hozirgi va kelajak avlodning farovon hayoti uchun zamin yaratilishida har birimiz ma’sul ekanligimizni ta’kidladilar.

Shuningdek, davra suhbatida so‘zga chiqqan Barqaror rivojlanish markazining Toshkent viloyat bo‘linmasi  boshlig‘i yuridik fanlar doktori, professor Abdumannop Tulyaganov Abdujabbarovich o‘z ma’ruzasida mavzu doirasida aniq misollar va statistik ma’lumotlarni keltirib o‘tdilar, shuningdek quyidagilarni bayon etdi: Hozirgi vaqtda sug‘orish va ekologik maqsadlar uchun suvga ehtiyoj to‘liq qondirilmayapti. Suv iste’molining ko‘payishi va manbalarning ifloslanishi chuchuk suv zaxiralarining kamayishiga olib keladi. Yurtimizda mavjud chuchuk suv hajmining qisqarishi tufayli suv tanqisligi va qurg‘oqchilik xavfi sezilarli darajada oshmoqda. Shulardan kelib chiqib, O‘zbekiston zamonaviy mamlakat sifatida rivojlanishi uchun atrof-muhit muhofazasi va suvdan samarali foydalanish yo‘nalishlarida tezkor choralar qabul qilinmoqda. So‘nggi yillarda mamlakatimizda iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va suv resurslaridan oqilona foydalanish choralarini aks ettiruvchi qator muhim hujjatlar qabul qilindi. «2030-yilgacha bo‘lgan davrda atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasi», «Suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020–2030-yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi», «2020–2025-yillarda gidrometeorologiya xizmatini rivojlantirish konsepsiyasi», «Suv resurslaridan foydalanish sohasida davlat boshqaruvi va nazorat tizimini yanada takomillashtirish hamda suv xo‘jaligi ob’ektlari xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlari»gi farmon va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar shular jumlasidandir.

Suvni tejashga qaratilgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirishda aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida suvdan foydalanish madaniyatini yuksaltirish, ichimlik suvi uchun bozor narxlarini joriy etish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Aholining suv bilan ta’minlanganlik holati aholi turar-joylari va ulardagi turmush darajasinining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biridir. Quvurli ichimlik suvining asosiy iste’molchisi sifatida aholi suvni tejash jarayonida muhimroq rol o‘ynashi kerak. Biroq, hozirgi vaqtda ko‘plab shaharlarda aholining suvni tejash muammosiga passiv munosabati mavjud.

Davra suhbatida so‘zga chiqqan, Barqaror rivojlanish markazining Toshkent viloyat bo‘linmasi  xodimi Azizov Shodiyor Valijonovich o‘z so‘zida: Global iqlim o‘zgarishi, mamlakatimizda aholi sonining o‘sishi, milliy iqtisodiyot turli tarmoqlarining jadal rivojlanishi va ularning suvga bo‘lgan talabining o‘sishi tufayli respublikada suv resurslarining taqchilligi yildan-yilga ortib borayotganligini, Suv resurslaridan oqilona foydalanish O‘zbekistonning barqaror rivojlanishi garovi ekanligini, toza ichimlik suvni uzluksiz yetkazib berish, suv bormagan hududlardagi aholini ichimlik suv bilan ta’minlash hozirgi kunning dolzarb masalalaridan biri ekanligini ta’kidladilar.  Shu bilan birga, suvni tejash madaniyati turmushimizning ajralmas qismiga aylanmas ekan, bu yo‘nalishda sezilarli muvaffaqiyatlarga erishish qiyin ekanligini aytib o‘tdi.

Shuningdek, Davlat va huquq instituti bo‘lim boshlig‘i, yuridik fanlari doktori, professor  Mirodiljon Xomudjonovich Baratov tadbir mavzusi va undan ko‘zlangan maqsadlar xususida so‘z yuritib quyidagilarni bayon etdi: Suv – hayot manbai. Oddiy iste’moldan tortib, qishloq xo‘jaligida yetishtiriladigan noz-ne’matlargacha, bunyod bo‘layotgan osmono‘par binolar, eng zamonaviy texnologiyalargacha, barcha-barchasini suvsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Tabiat tomonidan ato etilgan bu ne’matning zaxiralari yildan yilga kamayib bormoqda. Ayni paytda dunyodagi ko‘plab davlatlar o‘zlarida mavjud resurslarning deyarli barchasidan foydalanmoqda. Mutaxassislarning ta’kidlashicha o‘tgan asrning 60 yillariga qiyoslaganda dunyoda suvga talab ikki baravar ko‘paygan. Bunga aholi sonining ortishi, qishloq xo‘jaligi va sanoatning rivojlanishi ta’sir ko‘rsatdi. Iqlim o‘zgarishi sabab, dunyoning ko‘plab mamlakatlarida aholi toza ichimlik suvi yetishmasligidan aziyat chekmoqda. Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlarining ta’kidlashicha hozirda yer yuzida qariyb 1 milliard 100 million kishi turli darajadagi suv tanqisligidan aziyat chekmoqda. Oldimizda oqayotgan suvning qadri bo‘lishi uchun, uni xonadonlarimizgacha yetib kelishida sarflanayotgan mablag‘, sohada ishlayotgan odamlarning mehnatini qadrlash, ularning haqqini to‘liq uzishimiz ham qarz, ham farz. Suv o‘z nomi bilan bebaho, U tekin emas. “Nimani xor qilsang, shunga zor bo‘lasan!”, – deydi dono xalqimiz. Shunday ekan, suvni tejash, uning ortiqcha isrof bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik suv tanqisligi muammosiga yechim topilishida har birimizning qo‘shgan hissamiz ekanligini unutmaylik.

Davra suhbati jonli muloqot hamda qiziqarli munozaralar shaklida o‘tkazilib, tadbir yakunida ekologiya sohasi bilimdonlari ishtirokida viktorina tashkil etilib, unda 42-sonli maktab o‘quvchilari K.Abdushukurov, M.Yuldashev va D.Asxujaevalar faol ishtirok etdilar. Viktorinada faol ishtirok etgan bilimdonlarga esdalik sovg‘alari va kitoblar berildi,

Shuningdek, tadbir o‘tkazilayotgan maktab o‘quvchilari va maktab jamosi uchun Davlat va huquq instituti ilmiy xodimlari muallifligida nashr qilingan 12 xil turdagi kitoblar maktab kutubxonasiga esdalik uchun topshirildi.

Shundan so‘ng, 42-maktab direktori Ibragimova Malika Nigmanovna so‘zga chiqib, u o‘z so‘zida kun tartibidagi masalalar yuzasidan barcha ma’ruzachilarning qiziqarli va mazmunli nutqlari ishtiroki uchun o‘z minnatdorchiligini bildirib, ushbu tadbir barcha ishtirokchilarda judayam katta va ijobiy taassurot qoldirganliklarini alohida e’tirof etdi. Shuningdek, institut rahbariyati va xodimlarini mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va qonunchilikdagi o‘zgarishlarning mazmun mohiyatini yoshlarga yetkazish borasidagi ishlarga muffaqiyatlar tilagan holda, kelgusida yana shu kabi tadbirlar o‘tkazilishi uchun o‘z takliflarini bilidirib o‘tdi.

Shuningdek, M.Ibragimova tadbirda ishtirook etayotgan yoshlarga alohida e’tiof va xursandchilik bilan shuni bayon etdiki, ushbu tadbirning asosiy sababchisi va tashkilotchisi bo‘lgan Davlat va huquq instituti direktori, yuridik fanlar doktori, professor Turg‘unov Murodjon Tursunboevich aynan shu maktab bitiruvchisi bo‘lganligini va shu mahalla farzandi ekanligini faxr bilan tilga olib, barcha yoshlarga kelgusida ular ham mana shu darajadagi yetuk insonlar bo‘lib kamol topishlarini, yurtimizga sadoqat bilan xizmat qiladigan inson bo‘lib yetishishlarini tilab, o‘z so‘zini yakunrladi.

   

   

   


×