Davlat va huquq instituti mustaqil izlanuvchisi PhD dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi

2026 yil 14 iyul kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi huzuridagi DSc.26/2025.27.12.Yu/S.01.01 raqamli Ilmiy kengash yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti mustaqil izlanuvchisi Tursoatov Sodiq Xudoyor o‘g‘lining “O‘zbekiston Respublikasining huquqiy siyosatida rag‘batlantirish tizimini takomillashtirish” mavzusidagi 12.00.01 – “Davlat va huquq nazariyasi va tarixi. Huquqiy taʼlimotlar tarixi” ixtisosligi bo‘yicha yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi muvaffaqiyatli himoya qilindi. Ilmiy kengash aʼzolari tomonidan dissertatsiya ishi bir ovozdan (100 foiz ovoz bilan) maʼqullandi. Dissertatsiya yuridik fanlari doktori, professor Turgunov Murodjon Tursunbayevich ilmiy rahbarligida bajarilgan.

Tadqiqotda O‘zbekiston Respublikasi huquqiy siyosatida rag‘batlantirish tizimining nazariy va amaliy jihatlari kompleks tahlil qilinib, huquqiy rag‘batlar, davlat mukofotlari tizimi hamda davlatning rag‘batlantiruvchi huquqiy siyosati mexanizmlarini takomillashtirishga oid ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan. Shuningdek, yoshlar, tadbirkorlik va ekologik faoliyatni huquqiy rag‘batlantirishning ahamiyati asoslantirilib, davlat mukofotlari sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha muhim ilmiy xulosalar ilgari surilgan.

Ilmiy ishga yuridik fanlari doktori, professor Xudoyberdiyev Axror Qosimaliyevich hamda yuridik fanlar nomzodi, professor Utemurodov Maxmud Ajimuratovich rasmiy opponentlik qildilar. Davlat va huquq instituti jamoasi Tursoatov Sodiq Xudoyor o‘g‘lini mazkur ilmiy yutuq bilan samimiy tabriklab, kelgusi ilmiy faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tilaydi.
