Kuni kecha Termiz davlat universitetida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti hamda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamkorligida jamoa bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Janubiy nuqta hisoblanmish – Surxondaryo mamlakatimizda o‘zining salohiyati, ishlab chiqarish tarmoqlari bilan azaldan dong taratgan. Viloyat mahalliy iqtisodiyotida sanoat, qishloq xo‘jaligi rivoji muhim ahamiyatga ega. Biroq bularning barchasi malakali kadrlar bilan yanada to‘liq va bo‘liqdir.
Universitet professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ayni shu masalalarga urg‘u berildi. Uchrashuvni universitet rektori A.H.Toshqulov kirish so‘zi bilan ochdi. Inson va uning qadrini ta’minlash mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining diqqat markazida bo‘lib turibdi.
Darhaqiqat, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar tizimli, maqsadli tus oldi. Natijalar hozirning o‘zida bo‘y ko‘rsatmoqda. Yangilangan Konstitutsiya asosida qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar o‘z samarasini bermoqda. Inson huquqlari oliy qadriyat sanalgan yurtimizda, ayniqsa, inson huquqlari sohasidagi ta’limning o‘rni beqiyos.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi A.Saidov o‘z so‘zida Inson huquqlari sohasidagi ta’lim insonlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik jabhalarda, umuman, o‘z hayotiga daxldor bo‘lgan qarorlarni qabul qilishning barcha jarayonlarida to‘laqonli ishtirokini ta’minlash, shuningdek huquqbuzarliklar, zo‘ravonlik va nizolarning oldini olishda muhim ekanligiga to‘xtaldi.
BMTning Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi hamda 2020–2024-yillarda BMT Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichida belgilangan vazifalarni samarali va o‘z vaqtida amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-fevraldagi qarori bilan Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi tasdiqlandi. Shu ma’noda mamlakatimizda bu borada keng kщlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Uchrashuvda so‘z olgan O‘zFA Davlat va huquq instituti direktori, yu.f.d., prof. M.Turg‘unov bu borada mamlakatimizda institutsional o‘zgarishlar, islohotlarning tashkiliy-huquqiy jihatlariga to‘xtaldi. Mamlakatimizda majburiy mehnatga barham berish, ayniqsa, ta’lim tizimi xodimlarini o‘z xizmat vazifalari bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb etish hollariga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga qaratilgan qonun hujjatlarini hamda ularni amalga oshirish mexanizmlarini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratdi. Darhaqiqat, Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartirishlar pedagog xodimlarni majburiy mehnatga jalb qilish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar, ularning kasbiy faoliyatiga aralashganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga xizmat qiladi. Yangilangan Konstitutsiyaga muvofiq, 2023-yil 16-iyunda “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinib, unda davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatiladigan ishlar ro‘yxatiga fuqarolik, ma’muriy va ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni kiritish orqali fuqarolarning bepul yuridik yordam olish imkoniyatlari kengaytirildi. Davlat hisobidan yuridik yordam kam ta’minlanganlarga, teng huquqliligi buzilgan xotin-qizlar va erkaklarga hamda psixiatriya yordami ko‘rsatilayotgan shaxslarga ko‘rsatilishi belgilanmoqda.
Kelib tushgan savollarga atroflicha javoblar berildi.
Uchrashuvda, shuningdek akademik A.Saidov qalamiga mansub “Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi” va “Davlat va huquq nazariyasi” darsliklarining taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv yig‘ilganlarda yorqin taassurot qoldirdi.